Xalqaro media-xollda boʻlib oʻtgan “Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi: Oʻzbekiston tajribasi va xorij amaliyoti” mavzusidagi davra suhbatida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning ma’ruzasi
• 20-oktyabr 2021
Mamlakatimizda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining taʼsirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha boshlagan ishlar ortga qaytmas tus olgan.
Soʻngi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, byurokratiya va korrupsiyaning turli koʻrinishlariga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Buning yaqqol misoli sifatida soʻnggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi mazkur sohada boshlagan islohotlarimizning oʻziga xos huquqiy poydevori boʻlgan boʻlsa, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonlari korrupsiyaning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishi, ular bilan kundalik faoliyatida yaqin muloqot va hamkorlik oʻrnatishiga qaratilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi va “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunlar va “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorlari barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq koʻzi bilan baho berish imkonini yaratdi.
Oʻtgan qisqa vaqt davomida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ommaviy muhokama qilish, davlat byudjeti va qarzi, shuningdek, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrish va real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn platformalar ishga tushirildi. Ochiq maʼlumotlar portali faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilgani, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, elektron litsenziyalash tizimi va “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, hukumat ochiqligi sohasida 2021 - 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim.
Yuqoridagi qonunchilik va maʼmuriy sohalarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston 2020-yil yakunlariga koʻra “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pogʻonaga koʻtarilib, 44-oʻrinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yoʻnalish boʻyicha koʻrsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Sohadagi soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarida mavhum boʻlgan muammoli masalalar toʻliq oʻz yechimini topdi.
Misol uchun, Farmon bilan har bir davlat organi va tashkiloti ochiq eʼlon qilib borishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning roʻyxati tasdiqlandi.
Hujjatda ochiq axborot turi, joylashtiriladigan resursi, taqdim etish va yangilash muddati hamda ularni joylashtirish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari aniq belgilab berildi.
Yana bir jihat, shu kungacha ham davlat hokimiyati boshqaruv organlarining ochiqligi toʻgʻrisidagi normativ hujjatlar mavjud boʻlgan. Ammo ulardagi normalarni hayotga tatbiq etishga masʼul yoki uni bajarish talablarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi ochiq qolavergan. Bu esa qonunchilik hujjatining hayotga toʻliq joriy etilishiga salbiy omil boʻlib xizmat qilib kelgan.
Shunga muvofiq, mazkur yoʻnalishdagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qoʻshimcha vazifa sifatida yuklatilib, Agentlik tarkibida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etildi.
Boshqarma zimmasiga sohadagi faoliyatni muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiq maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishi, ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga «davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi» madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.
Oʻtgan davrda Agentlik tomonidan soha va hududlar kesimida Prezident Farmonida belgilab berilgan vazifa va vakolatlardan kelib chiqib, muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mutaxassislar tomonidan barcha hududlarda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari ishtirokida Farmonning mazmuni va ahamiyati, shuningdek unda hududiy organlarga belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli tushuntirish ishlari oʻtkazildi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning Prezident Farmonida belgilangan majburiyatlarni ijro holati muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Jumladan, Farmon talablariga muvofiq, mahalliy davlat hokimliklari mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirilib bajarilgan qismi hamda mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlariga joylashtirish vazifasi belgilangan.
Oʻrganish davomida ayrim mahalliy hokimliklar tomonidan yuqoridagi maʼlumotlar qisman ochiqlanishi taʼminlangan boʻlsa, ayrim hududiy hokimliklar mazkur majburiyatlarini umuman bajarmagani aniqlangan.
Monitoring natijasi boʻyicha Agentlik tomonidan maʼlumotlarni ochiqlanishini taʼminlamagan 13 ta mahalliy davlat hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
Yoki, joriy yilning oktyabr oyi holatiga oʻtkazilgan monitoring natijalari boʻyicha 230 ta vazirlik va idoralarning 121 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirmagani aniqlandi.
Shu kabi, Respublikadagi 119 ta davlat organi va tashkiloti oʻz tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Ochiq maʼlumotlar portaliga oʻz vaqtida joylashtirilishini taʼminlamagan boʻlsa, 48 tasi Portalda shaxsiy kabinet ham ochmagan.
Taʼkidlash kerakki, Agentlik tomonidan oʻtgan davr davomida davlat xaridlari sohasini oʻrganish natijalari boʻyicha aniqlangan korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillar chuqur tahlil qilinib, shu kabi qonunbuzilishlarni oldini olishga qaratilgan muhim takliflar ishlab chiqilmoqda.
Bunda, asosiy eʼtibor sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, axborot kommunikatsiya vositalarini faoliyatga keng tadbiq etish ustivor vazifa sifatida belgilab olingan.
Masalan, tadbirkorlik subyektlaridan bildirilgan haqli eʼtirozlar asosida, Agentlik tomonidan qurilish sohasida davlat xaridlari amalga oshirilayotgan “tender.mc.uz” elektron portali faoliyati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishda portal faoliyati davlat xaridlariga oid qonunchilik talablariga mos boʻlmagan holda, oferentning savdodan chetlatilishi asoslari va ishtirokchilarni baholash metodikasi Qurilish vazirligining yopiq shaklda qabul qilgan hujjati asosida amalga oshirilib kelinayotganligini maʼlum boʻldi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha Agentlik tomonidan davlat xaridlari, shu jumladan qurilish sohasidagi 10 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish yoki yangilarini ishlab chiqish, shuningdek, 34 ta tizimdagi takomillashtirish va mavjud axborot bazalarini integratsiya qilish orqali inson omilini yoʻq qilishga qaratilgan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqildi.
Endilikda Agentlik tomonidan ochiqlikni taʼminlash boʻyicha belgilangan talablarning ijrosini monitoring qilish tizimlashtiriladi. Buning uchun biz masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikani ishlab chiqdik.
Unga koʻra, har yili yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqlikka oid majburiyatlari umumiy 10 ga yaqin indikatorlar asosida baholanib, yil yakuniga koʻra Ochiqlik reytingi eʼlon qilinadi.
Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga masʼul xodimlarini ragʻbatlantirish, aksincha salbiy boʻlganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasini hal etish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.
Eng asosiysi, Reyting u yoki bu davlat organi va tashkilotining ochiqlik darajasini jamoatchilik uchun yaqqol koʻrsatish imkonini beradi.
Shuningdek, Ochiq joylashtirilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar koʻlamini kengaytirish borasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Singapur va Qozogʻiston kabi oʻnga yaqin rivojlangan xorijiy mamlakatlarning bu boradagi ijobiy ish tajribasi oʻrganilib, amaliyotga tadbiq etish choralari koʻrilmoqda.
Masalan, “avtomobil tarixi” toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomototransport vositasining davlat raqami belgilarini kiritish orqali aniqlash elektron interaktiv xizmatini joriy etish rejalashtirilgan. Bu ikkilamchi bozorda avtotransport oldi-sotdi jarayonlarida turli noqonuniy xatti-harakatlarni oldini olishga xizmat qiladi.
Yoki, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Yаʼni, davlat organi va tashkiloti endilikda xodimlarni ishga qabul qilishdan oldin vakant lavozimlarga tanlov eʼlon qilinishi haqida rasmiy manbalar orqali xabar berishi, saralash jarayonlarini ochiq oʻtishini taʼminlashi lozim. Bu yoʻnalishda ham hali oldimizda koʻplab qilinishi lozim boʻlgan ishlar turibdi.
Yana bir muhim jihat. Agar ochiqlik sohasida keskin oʻzgarishlarga erishishni istasak, albatta xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish orqali umumeʼtirof etilgan standartlar talablarini bajarishimiz lozim. Shundagina demokratiya, korrupsiya, investitsiya, soʻz erkinligi darajalarini belgilovchi qator nufuzli reyting va indekslar oʻz pozitsiyalarimizni yanada yaxshilaymiz.
Shu boisdan, hozirda “Ochiq Hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotiga Oʻzbekiston Respublikasining aʼzo boʻlish imkoniyatlari oʻrganilmoqda. Shu munosabat bilan, xalqaro ekspertlar hamda mazkur tashkilot mutaxassislariga yurtimizda soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlar haqida maʼlumot berdik va qator muzokaralar oʻtkazildi.
Oʻylaymanki, mamlakatimizda ochiqlikni taʼminlash borasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari va amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar natijasi “Ochiq Hukumat hamkorligi” xalqaro tashkiloti tomonidan amaldagi asosiy mezonlarni yangilangan natijalarida Oʻzbekiston pozitsiyasini bir necha barobar yaxshilash imkonini beradi.
Soʻzimning yakunida ochiqlikni taʼminlash sohasida hozir soʻzga chiquvchi spikerlar rahbarligida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlamoqchiman. Chunki ushbu soha nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq, balki OAVlar bilan ishlash, moliyaviy shaffoflikni taʼminlash, qonunchilikni takomillashtirish, hattoki fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi samaradorlik bilan ham baholanadi.
Oʻylaymanki, kelgusida ham ushbu yoʻnalishda saʼy-harakatlarni birlashtirib, hamkorlikni davom ettiramiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida Jamoatchilik kengashi oldidagi hisobotiga bagʻishlangan matbuot ajumanidagi tezisi
10-Mart 2022
Assalomu alaykum. Hurmatli tadbir ishtirokchilari.
2021-yili Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xususan, korrupsiyaning oldini olish va ushbu jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini taʼminlash boʻyicha bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6257-son Farmoni imzolandi. Unga koʻra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilib, jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar oʻrnatilishi belgilandi.
2021-yil 16-iyunda “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6247-son Farmon bilan har bir muassasaning bajargan va bajarmoqchi boʻlgan ishlari, moliyaviy holati, tasarrufidagi mol-mulklari, umuman, soliq toʻlovchilar bilishi lozim boʻlgan barcha maʼlumotlarni ochiqlash talabi qoʻyildi.
Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muhim yangiliklar kiritildi: 2022-yilning 1-yanvardan boshlab, barcha davlat xaridlari (eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish) tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazilishi joriy qilindi. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan subyektlarning davlat xaridlarida ishtirok etishini cheklash muddati uch yildan ikki yilgacha qisqartirildi.
2021-yilda Respublika boʻyicha jami 5483 nafar shaxsga nisbatan 3769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari koʻrib chiqish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan. 2020-yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni 2621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 760 taga yoki 218 foizga koʻpaygan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020-yilda 500 mlrd. 102 mln soʻmlik moddiy zarar yetkazilib, 355 mlrd soʻm yoki 71,0 foiz undirilgan boʻlsa, 2021-yildagi moddiy zarar miqdori 1 trln. 282 mlrd.ni tashkil etib, 887 mlrd. soʻmi yoki 69,1 foizi undirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yilda jami 4901 ta (493 tasi dublikat) murojaat kelib tushgan boʻlib, barcha murojaatlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlangan. Shundan 107 ta murojaat Agentlik rahbariyati tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullarda kelib tushgan.
Murojaatlarning 258 tasi ijobiy hal etilgan, 1163 ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish orqali qanoatlantirilgan, 2 ta tashakkurnoma, 2 ta murojaat fuqaroning arizasiga asosan koʻrmasdan qoldirilgan, 117 ta murojaat anonim deb topilgan, 43 ta murojaat maʼlumot uchun qabul qilingan, 158 ta takroriy murojaat koʻrib chiqilishi belgilangan tartibda tugatilgan, 3158 ta murojaat taalluqliligi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga yoʻnaltirilgan.
2021-yilda Agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq oʻrganishlar oʻtkazildi. Shuningdek, qurilish sohasidagi jami 461,3 mlrd. soʻmlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obyektlarida oʻrganish oʻtkazildi.
Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatilishi taʼminlandi.
Davlat xaridlari sohasida 2021-yilda oʻtkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 145,3 mlrd soʻmlik 452 ta tanlovda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlarning talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanib, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan 372 ta taqdimnoma kiritildi va tanlovlar bekor qilinib, byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi 5177-son Qaroriga muvofiq, Agentlik davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish va ularning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash vazifasini amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib, 88 ta davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari joriy etilgan boʻlsa, 52 tasida toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan 34 ta taqdimnoma kiritilgan.
Agentlik mahalliy davlat hokimliklari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlarga rioya qilinishini oʻrganib, tahlil qildi.
Ana shunday oʻrganishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet mablagʻlarining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan holda qisman ochiqlanishi taʼminlangan boʻlsa, Toshkent, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarni umuman bajarmaganligi aniqlangan.
Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning belgilangan tartibda ochiqlanishini taʼminlamagan 13 ta viloyat hokimliklari qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish haqida rasman ogohlantirilgan.
Agentlik tomonidan 2021-yil davomida hamkorlikka oid 10 ta xalqaro hujjat (memorandum, hamkorlik dasturlari) imzolandi.
Jumladan, Agentlik hamda BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi oʻrtasida hamkorlikda amalga oshiradigan tadbirlar Rejasi doirasida Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini shakllantirish metodologiyasini ishlab chiqish, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan xalqaro ekspertlar koʻmagini jalb etish, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan treninglar tashkil etish va shu kabi boshqa loyihalarda hamkorlik amalga oshirildi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishlab chiqildi va 2021-yil 1-yanvardan real vaqt rejimida respublikaning barcha hududlarida toʻliq ishga tushirildi. Bundan tashqari, qurilish sohasida oʻtkaziladigan davlat xaridlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida qurilish sohasidagi tanlov(tender)lar oʻtkazish uchun “tender.mc.uz” elektron portali yaratildi.
Mazkur platforma yordamida 2021-yil davomida 15,45 trln. soʻmlik tenderlar oʻtkazilib, qurilish-pudrat tashkilotlari bilan 14,26 trln. soʻmlik shartnomalar tuzildi va loyihalarning boshlangʻich qiymatiga nisbatan 1,19 mlrd soʻm yoki 8 foiz byudjet mablagʻlari iqtisod qilindi.
Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Agentlik direktorining axboroti
19-Mart 2022
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan islohotlar natijasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlovchi mexanizmlar, shuningdek, jamoatchilik nazorati instituti hayotga samarali joriy etila boshlandi.
Xususan, 2021-yilning 16-iyunida davlatimiz rahbari tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida davlat idoralari faoliyati yanada ochiqligini taʼminlash, bu orqali natijasida korrupsiyaviy omillar va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi aniq tartiblar belgilandi.
Mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ochiq maʼlumotlarni rasmiy veb-saytda hamda Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirilishi holati muntazam oʻrganib kelinmoqda.
Misol uchun, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytiga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi kerak.
Monitoring qilingan 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 93 tasi 2021-yildagi faoliyatiga oid hisobotni eʼlon qilmagan boʻlsa, 126 tasi matbuot anjumanining oʻtkazilish joyi va vaqti haqida hanuzgacha oʻz rasmiy veb-saytiga maʼlumot joylashtirmagan.
Bundan tashqari, barcha davlat organlari va tashkilotlari oʻzlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini har chorakda eʼlon qilib borishlari talabining ijrosi 4-chorak uchun oʻrganilganda ularning 80 tasi ushbu maʼlumotlarni oʻz vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirmagani aniqlandi.
Yoki, xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari boʻyicha hisobotlarni 88 ta idora oʻz vaqtida ochiqlamagani maʼlum boʻldi.
Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining 2021-yil 1-dekabrdan 2022-yil 10-yanvar kuniga qadar oʻtkazilgan sessiyalarning mahalliy telekanallar yoki Internet tarmogʻida translyatsiya qilinishi oʻrganilganda respublika boʻyicha jami (tuman va shahar kengashlari bilan birga) 585 ta sessiyalar oʻtkazilgan boʻlsa, ularning 226 tasi translyatsiya qilinmagan. Bu boradagi eng salbiy koʻrsatkichlar Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xissasiga toʻgʻri keladi.
Farmon ijrosi holati mahalliy davlat hokimiyati organlari kesimida ham tahlil qilindi. Ochiq e’lon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar roʻyxati boʻyicha mahalliy hokimliklar zimmasiga jami 13 ta toifadagi axborotlarni oʻz rasmiy veb-saytida har chorakda e’lon qilish va davriy yangilab borish tartibi belgilangan.
Biroq, 2021-yil yakunlari boʻyicha mazkur talablarga rioya qilinishi oʻrganilganida jami 95 ta holatda qonunchilik talablari buzilishiga, soddaroq qilib aytganda ushbu ma’lumotlar hokimliklar rasmiy veb-saytida umuman e’lon qilinmaganligi aniqlandi.
Tuman va shaharlar kesimida esa 204 ta tuman va shahar hokimliklaridan 43 tasida (20 foizi) rasmiy veb-sayti ishchi holatda emasligi, faoliyat koʻrsatayotganlarida ham ma’lumot uzoq vaqt davomida yangilanmay kelinayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf qilish boʻyicha vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga Agentlik tomonidan 26 ta taqdimnoma hamda 35 ta ogohlantirish xatlari kiritildi.
Joylarda uchrayotgan bu kabi muammolarning yechimi sifatida ma’lum bir hududni tanlab olib, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini namunaviy tashkil etishga kirishildi. Shu maqsadda Fargʻona viloyatida «Ochiq, shaffof va hisobdor hudud» loyihasini amalga oshirish boshlandi. Buning uchun tegishli “Yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqilib, viloyat hokimligi rasmiy veb-saytida joylashtirildi.
Endilikda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, shu jumladan, faoliyat ochiqligini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvlari oʻtkaziladi. Ishlar samaradorligini baholashda mahalliy deputatlar va nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari ham jalb qilinadi, shuningdek, oʻzini-oʻzi baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.